Tarjimai hol
ABDULHAMID SULAYMON O‘GʻLI - CHO‘LPON
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897-yilda Andijon shahrining Qatorterak (hozirda Navoiy shoh ko‘chasi) mahallasida savdogar – bazzoz Sulaymonqul Muhammadyunus o‘g‘li (1874-1929) oilasida tavallud topgan.
Cho‘lponning ajdodlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani Yorqishlog‘idan bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanganligi ma’lum. Uning bobosi Muhammadyunus oxund XIX asrning 70-yillari boshida Andijon shahriga ko‘chib keladi va yuqoridagi manzildan hovli-joy sotib olib, istiqomat qila boshlaydi. So‘nggi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammadyunus oxund diniy ulamolardan bo‘lib, uzoq yillar shahardagi nufuzli ta’lim dargohlaridan hisoblangan Xolbek qushbegi madrasasida mudarris sifatida faoliyat ko‘rsatgan va 1905-yilda vafot etgan. Demak, oiladagi ma’naviy muhit yaxshi bo‘lganligidan Muhammadyunus oxundning barcha farzandlari zamonasining ma’rifatli kishilari bo‘lib yetishgan. Xususan, Sulaymonqul ham uzoq yillar madrasada tahsil olib, diniy ilmlarda peshqadam bo‘lganligidan shahar aholisi uni hurmatlab “Mullo Sulaymonqul oxund” deya murojaat qilganlar. Bundan tashqari Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi xazinasidagi qator manbalar, xususan uning shaxsiy kutubxonasida saqlangan 100 dan ortiq nodir asarlar va adabiy merosi jamlangan 300 sahifalik qo‘lyozma daftar uning yetuk ilmiy salohiyat va ijodiy qobiliyat egasi bo‘lganidan dalolat beradi.
Cho‘lponning dastlabki savodi eski usul maktabida chiqadi. Oilada 4 farzandning to‘ng‘ichi va yagona o‘g‘il farzand bo‘lgan Abdulhamidning ta’lim-tarbiyasiga juda yoshligidan jiddiy e’tibor qaratadilar. Xat-savod tanigandan so‘ng otasi xususiy muallimlar tayinlab, zamonasining barcha zaruriy ilmlarini egallashiga sharoit yaratadi va uning moddiy ehtiyojlarini bekamu ko‘st ta’minlaydi.
Cho‘lpon ilm tahsilini boshlagan davrda Andijon shahrida qator diniy madrasalar faoliyat yuritar edi. Uning o‘zi keyinchalik madrasada tahsil olganligini xotirlasa-da, aynan qachon va qaysi madrasada o‘qiganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot keltirilmaydi.
Abdulhamid Cho‘lpon zamona taqozosiga ko‘ra, dastavval puxta diniy ilm oladi, arab va fors tillarini, shu qatorda turk va tatar muallimlaridan zarur dunyoviy fanlarni, ayniqsa hisob ilmini, jumladan rus tilini mukammal o‘rganadi. Ayrim zamondoshlarining xotirasiga ko‘ra u rus-tuzem maktabida o‘qigan deyilsa-da, aynan qachon va qaysi maktabda o‘qiganligi to‘g‘risida aniq hujjatli asosga ega ma’lumot mavjud emas.
1914-1915-yillarda “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalari bilan hamkorlik qilgan Cho‘lpon 1916-1917-yillarda Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi tahririyatida ishlagan. 1917-yil o‘rtalarida Andijon Eski shaharida ochilgan musulmon qiroatxonasiga mudirlik qilgan. 1918-1919-yillarda o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan. 1919-yilda Andijon uyezd maorif shoʻbasida, Farg‘ona muzofot turk muallimlar kursida va Farg‘ona shahrida chop etilgan “Yangi Sharq” gazetasi tahririyatida ishlagan.
1919-21-yillarda Rossiya Telegraf Agentligining Toshkent Eski shahar bo‘limi rahbari va ayni paytda o‘zbekcha devoriy “Ro‘sTO” gazetasi muharriri bo‘lib ishlaydi. 1920-yil yoz mavzumida RosTAning Andijon Eski shahar bo‘limi rahbari va gazetaning mas’ul muharriri, ayni paytda 6 oylik muallimlar tayyorlov kursida o‘qituvchilik qilgan. 1920-yilda Toshkentdagi “Turon” teatri direktori, Maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy xay’at raisi vazifalarini bajargan.
1921-yil may – 1922-yil iyun oylarida Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati rahbariyati taklifiga ko‘ra Buxoroga boradi va hukumat organi “Buxoro axbori” gazetasi mas’ul muharriri va bir muddat Buxoro jumhuriyati davlat nashriyoti mudiri vazifalarini bajaradi.
1922-yilda “Inqilob” jurnali va “Turkiston” gazetalarida faoliyat olib boradi. 1922-yilda ilk she’riy kitobi “Uyg‘onish”, 1922-yilda “Buloqlar” to‘plamlari nashr etiladi.
1923-yilning may oyidan boshlab Andijonda tashkil etilgan “Darxon” gazetasida ishlaydi, avgust oxirida gazeta faoliyati to‘xtagach, u Andijon uyezd harbiy-inqilobiy qo‘mitasida va oktyabr oyidan boshlab “Vaqf” sho‘basida faoliyat yuritadi. 1923-yil oktyabr oyida Soliha ismli qizga uylangan. Shu yil dekabrda Qo‘qonga borib, “Farg‘ona” gazetasida adabiy xodim va muxbir sifatida faoliyat olib boradi. 1924-25-yillar mobaynida “Farg‘ona”, “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalarida muxbir sifatida faoliyat olib borgan.
1926-yilda “Tong sirlari” she’rlar to‘plami va Ashurali Zohiriy bilan hammualliflikdagi “Adabiyot parchalari” darslik-majmuasi nashr etilgan.
1926-1927-yillarda Cho‘lpon Moskvada – Buxoro Maorif uyi qoshida tashkil etilgan birinchi o‘zbek dramstudiyasida tarjimon va adabiy xodim bo‘lib ishlagan. 1927-31-yillarda Samarqandda O‘zbek davlat teatr truppasida adabiy emakdosh sifatida faoliyat olib borgan. 1927-28-yillarda “Zarafshon” gazetasida muxbir bo‘lib ishlagan.
1931-34-yillarda Moskvada Ittifoq Xalq Komissarlar sho‘rosida tarjimon sifatida faoliyat yuritgan. 1934-yil o‘rtalarida Toshkentga qaytib kelib, Hamza teatrida adabiy emakdosh, “Mushtum” va “Guliston” jurnallarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. 1935-yilda “Soz” she’rlar to‘plami, 1936 yilda esa “Kecha va kunduz” romani” chop etilgan.
Abdulhamid Cho‘lpon 1937-yil 13-iyulda qamoqqa olingan va 1938-yilning 4-oktabrda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan. 1957-yilda oqlangan.
1991-yilda “Alisher Navoiy” nomidagi davlat mukofoti, 1999-yilda “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan. 1997-yilda shoir tavalludining 100 yilligi respublika miqyosida keng nishonlangan.
Muhim Sanalar
Tavallud
1897- yil Andijon shahrining Qatorterak (hozirda Navoiy shoh ko‘chasi) mahallasida savdogar – bazzoz Sulaymonqul Muhammadyunus o‘g‘li oilasida tavallud topdi
Hamkorlik
“Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalari bilan hamkorlik qilgan
Turkestanskiy golos
“Turkestanskiy golos” gazetasi tahririyatida ishlagan